Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda mikrokredit tashkilotlari va lombardlarning faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida"gi Nizomni tasdiqladi.
Nizom mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga (bundan buyon kredit tashkilotlari deb yuritiladi) iste’molchilarga taqdim etiladigan moliyaviy xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish, shuningdek, qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda kredit tashkilotlarining iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlari va iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning minimal talablarini belgilaydi.
Ushbu Nizom quyidagi maqsadlarda qabul qilindi:
- moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;
- kredit tashkilotlarining moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlaridagi adolatsiz amaliyotlarning oldini olish;
- mikromoliyalash bozorining axborot shaffofligini oshirish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining xabardorligini oshirish.
Mazkur Nizom nafaqat fuqarolar bilan, balki kichik va o‘rta biznes sub’yektlari bilan munosabatlarni ham tartibga soladi. Xususan, hujjatga muvofiq, taqdim etiladigan xizmatlar va ularning shartlari to‘g‘risidagi axborotlar kredit tashkilotining stendlarida va veb-saytlarda joylashtirilishi lozim.
Kredit tashkilotlari shartnomalar loyihalarini oldindan o‘rganib chiqish uchun iste’molchilarga taqdim etilishi bilan tegishli shartnomani imzolashdan avval moliyaviy xizmatlar shartlarini oshkor qilishlari shart.
Qarz oluvchilar kredit bo‘yicha o‘zlari amalga oshirgan to‘lovlar va mavjud qarz qoldig‘i to‘g‘risida axborotlar olish huquqiga ega. Bunday holda, kredit tashkilotlari iste’molchilarga imzolangan shartnomanining bir nusxasini taqdim etishlari shart.
Kredit tashkilotlari qarz oluvchilarning huquqlarini buzadigan yoki ularning moliyaviy majburiyatlarini oshiradigan kredit shartnomalarini bir tomonlama o‘zgartirish huquqiga ega emas.
Ta’kidlash joizki, kredit tashkilotlari iste’molchilarga o‘z xizmatlari uchun naqd yoki naqdsiz shaklda haq to‘lash huquqini cheklashga haqli emas.
Nizom 2020 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.
Izoh qoldirish