25 aprel kuni “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida start olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasida dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatidan kelgan turli soha vakillari mehmon bo‘lib turibdi. Uch kun davomida ishtirokchilarning professional muloqot maydoniga aylanadigan tadbir yurtimizning iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat hayotidagi yana bir muhim voqelikdir.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Belorus, Vengriya, Fransiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari, 1300 dan ortiq jismoniy shaxslar qatnashmoqda.
26 aprel kuni “Innovatsion hamkorlik tizimini rivojlantirish” mavzusi muhokama qilindi. Unda Bardin nomidagi “Chermet”, FDU Markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, “Magnitogorsk” temir-po‘lat kombinati, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Metalloinvest”, “Enter injiniring LTD”, “Toshkent metallurgiya kombinati” kabi metallurgiya sohasining qator yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Ushbu muhokama doirasida NITU MISIS, “O‘zmetkombinat” AJ va NITU MISIS Olmaliq filiali o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolash marosimida NITU MISIS fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori M.R. Filonov, “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi R.X. Pirmatov va “MISiS” AF NITU direktori F.Ya. Umarov ishtirok etdilar. Mazkur kelishuv tomonlarga fan-ta’lim-ishlab chiqarish sohasida o‘zaro integratsiyalashuvda keng imkoniyatlar ochadi.
Bugun ko‘rgazma maydonida “Rossiya va O‘zbekiston universitetlarining bo‘lajak soha yetakchilarini tayyorlashning eng ommabop va dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorligi” mavzusidagi “davra suhbati” bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu sessiyada NITU MISIS birinchi prorektori S.Salihov so‘zga chiqdi. “Davra suhbati” ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston va Rossiyaning qator oliy o‘quv yurtlari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Izoh qoldirish