O‘zbekistondagi birinchi erkin iqtisodiy zona – “Navoiy” EIZ bu yerda olib borilayotgan ish ko‘lami jihatidan ham yetakchilik qilib kelmoqda. Karmana tumanining 500 gektarlik maydonini egallagan mazkur biznes maydoniga ayni paytda Navoiy shahridan ham bir qator ob’yektlar va maydonlar qo‘shib berilgan.
“Bugungi kunda erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan korxonalar soni 50 dan ortiqni tashkil etadi. Xitoy, Eron, Turkiya kabi dunyoning 10 ga yaqin mamlakatlari ishbilarmon doira vakillarining viloyatimizda biznes yuritishga ishtiyoqi baland. EIZ hududida hozirda ko‘plab yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish ustida ish olib borilmoqda”, – deydi EIZ direksiyasining investorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamshid Jumayev.
“Navoiy – motors” O‘zbekiston-Avstriya qo‘shma korxonasi shulardan biri sanaladi. Umumiy qiymati 12 million AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha yurtimiz avtomobilsozlik sanoatida yangi imkoniyatlar yaratishni hamda yangi davrni boshlab berishni maqsad qilgan. Sababi Xitoy davlatining “Oshan” brendi ostida ishlab chiqariladigan avtomobillarni endilikda shu yerning o‘zida yig‘ish va ichki bozorga chiqarish rejalashtirilmoqda.
“Ayni paytda zavod qurish ishlari jadal davom etmoqda. Yil yakuniga qadar mazkur ishlar to‘liq yakunlanib, avtmobillar yig‘ish va sotish ishlarini ham boshlab yuborish ko‘zda tutilgan. Avtomobillar narxi taxminan 13 ming AQSh dollaridan 30 ming AQSh dollarigacha bo‘lishi kutilmoqda”, deydi korxona rahbari Sherzod Mo‘minov.
Izoh qoldirish