O‘zbekistonda mahallalar diagnostikasi bilan 9500 nafar hokim yordamchisi shug‘ullanadi

O‘zbekistonda mahallalar diagnostikasi bilan 9500 nafar hokim yordamchisi shug‘ullanadi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati yuzasidan respublika bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Prezident tomonidan joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mahallalarda “Hokim yordamchisi” lavozimini joriy etish bo‘yicha dekabr oyining o‘zida Davlat rahbarining 1 ta farmon va 2 ta qarori qabul qilindi.

Ushbu tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun Respublika komissiyasi tuzildi, har bir hududga 3 kishidan iborat Ishchi guruhlar (42 kishi), tuman (shahar)larga kamida bittadan respublika vakillari (299 kishi) biriktirildi.

Shuningdek, hokim yordamchilari ishini vertikal muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari, tuman va shaharlarda Mahallabay ishlash markazlari tashkil etmoqda.

Qabul qilingan hujjatlardan kelib chiqib, dekabr oyida respublika vakillari va hokim yordamchilari uchun seminarlar tashkil etilib, o‘qitildi.

Yig‘ilishning asosiy maqsadi – hokim yordamchilari faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha oldinda turgan masala va vazifalarni belgilab olish, jumladan, 2022 yilning yanvar oyida va 1-chorak yakuniga qadar qanday ishlarni tashkil etishni muhokama qilishdan iborat.

Yig‘ilishda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsad – davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirish maqsadlari tushuntirib berildi.

Bu bosh maqsadga erishish yo‘lida hamma uchun umumiy bo‘lgan vazifalar belgilab olingan:

birinchi: hokim yordamchisi o‘ziga biriktirilgan mahallani to‘liq o‘rganishi, barcha xonadonlarni uyma-uy yurish orqali xatlovdan o‘tkazish, mahallaga ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardan diagnoz qo‘yish;

ikkinchi: mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va mahalla faollari bilan do‘stlashish va ular bilan doimiy fikr almashish;

uchinchi: ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, ya’ni oylik, choraklik va yillik ustuvor vazifalarni to‘g‘ri belgilab olish;

to‘rtinchi: aholining tizimga bo‘lgan ishonchini oshirish uchun dastlabki 3 oyda mahallada natija ko‘rsatish. Bunda birinchi navbatda tez natija beradigan oson va yengil loyihalarni amalga oshirish (masalan, 3-4 ta xonadonda issiqxona tashkil etish, 4-5 ta fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish orqali ishga joylashtirish, 3-4 ta fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya ajratish va h.k). Aks holda aholining ularga bo‘lgan ishonchi pasayib boradi;

beshinchi: muvaffaqiyatga erishgan hokim yordamchilarining tajribalari bilan boshqalarni doimiy tanishtirib borish.

Shuningdek, yig‘ilishda hokim yordamchilarining mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish, subsidiyalar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishga ko‘maklashish, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan “yetakchi” tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish, ishsizlarni, birinchi navbatda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish kabi asosiy vazifalari eslatib o‘tildi hamda ushbu masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Shu bilan birgalikda, respublika miqyosida 9500 nafar hokim yordamchilari faoliyati ko‘rsatishi rejalashtirilganligi hamda ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida hokim yordamchilari faoliyati haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan platforma shakllantirilayotganligi hamda ushbu platforma orqali fuqarolar hokim yordamchilari bilan bevosita bog‘lana olishi va o‘z muammolarini bartaraf etishlari mumkin ekanligi aytib o‘tildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar