«Prezident granti» stipendiyasi va «Qizlar uchun maxsus stipendiya» joriy etiladi

«Prezident granti» stipendiyasi va «Qizlar uchun maxsus stipendiya» joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasining Oliy ta’lim muassasalarida «Prezident granti» stipendiyasi va «Qizlar uchun maxsus stipendiya» joriy etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Belgilanishicha, OTMga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlar uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, to‘plagan baliga nisbatan qo‘shilgan ball hisoblanmagan holda tatbiq etiladi.

2021/2022-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari kunduzgi bo‘limiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun butun o‘qish davri davomida «Prezident granti» stipendiyasini joriy etish va a’lo baholarga o‘qiyotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun oyma-oy to‘lanadigan «Qizlar uchun maxsus stipendiya» tayinlash ko‘zda tutilgan. Bunda, ularga OTM tomonidan belgilangan amaldagi stipendiya miqdorlari saqlab qolingan holda qo‘shimcha tarzda bazaviy stipendiya miqdorida maxsus stipendiya belgilanadi.

Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ro‘yxati har yili kirish imtihonlari tanlov natijalari e’lon qilingan kundan so‘ng 10 kun muddatda Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga oliy ta’lim muassasalari kesimida taqdim etiladi.

Prezident granti sohibi bo‘lgan birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri mobaynida Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

O‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan (kurs ishi, kurs loyihasi, amaliyot va xarbiy tayyorgarlik uchun olgan baholar bundan mustasno) talabalarga Prezident stipendiyasini to‘lash davom ettiriladi.

O‘quv semestri natijalariga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohibi bo‘lgan talabalarga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda o‘zlashtirayotgan talabalarga belgilangan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

Navbatdagi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan, dastavval Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalarga Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar