Respublika ishchi guruhi: asosiy maqsad – xalq roziligini ta’minlash

Respublika ishchi guruhi: asosiy maqsad – xalq roziligini ta’minlash

Bu jarayonda tumanning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasi nisbatan og‘ir “Angidon”, “Qo‘rg‘ontepa”, “Mirdosh”, “Oqtepa”, “Saroy”, “Kattasoy”, murojaatlar ko‘p kelib tushgan “Oltinsoy”, “Alisher Navoiy”, “Tasmachi”, “Uyshun” singari qishloq va mahallalaridagi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq qator masalalar ham hal qilindi. Aytaylik, “Oltinsoy” va “Alisher Navoiy” mahallalaridagi ikki ko‘chada 3.85 km. piyodalar yo‘lakchasini qurish ishlari tugallanib, 171 dona tungi yoritish chiroqlari, “Navbahor” mahallasidagi ko‘p qavatli 8 ta uyning kirish yo‘laklariga esa quyosh panelli yoritgichlar o‘rnatildi.

“Samarqand”, “Navro‘z” kabi mahallalardagi 354 ta eskirgan simyog‘ochlar temir ustunlarga almashtirilgan bo‘lsa, “Guliston”, “Choshtepa” qishloqlaridagi elektr tarmog‘i yangilanib, yuqori quvvatli transformator o‘rnatildi. Tabiiy gaz yetib bormagan tog‘li hududlarda yashovchi aholi xonadonlariga ko‘mir, gaz ballonlari yetkazildi, gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

“Oltinsoy”, “Baxshijar” mahallalarida yangi ko‘priklar qurilib, foydalanishga topshirilishi, “Qo‘shchinor”, “Zarbdor”, “Urganji” mahallalaridagi 19,9 km. loy ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirilishi bilan aholining uzog‘i yaqin, yo‘li ravon bo‘ldi.

Xatirchidagi og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, hududda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, kam ta’minlangan aholiga moddiy yordam ko‘rsatish uchun mahalliy byudjetdan 4,3 mlrd. so‘m ajratildi. “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 110 nafar murojaatchiga 2,9 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha ijobiy tavsiyalar berilgan bo‘lsa, ulardan 57 nafariga 1,1 mlrd. so‘m kredit berilishi ta’minlandi. Ishsiz insonlardan 66 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 110 nafarining o‘zini o‘zi band qilishiga erishildi.

Og‘ir sharoitdagi bir qator oilalar uy-joylari ichki imkoniyatlar hisobidan ta’mirlandi.

Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar natijasida xastalik aniqlangan insonlardan 232 nafari tuman, 39 nafari viloyat shifoxonalariga davolanish uchun yotqizildi, 474 nafar bemorga bepul dori-darmonlar ajratildi.

Bu kabi ezgu ishlar tumanning har bir mahallasini qamrab oldi. Ha, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgani xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam asos bo‘lmoqda. Asosiy maqsad – xalq roziligini ta’minlash, aholi muammolarini joyida hal etish bo‘lib, Respublika ishchi guruhining Xatirchi tumanidagi faoliyati ham ayni shu ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar