Shavkat Mirziyoyev: JSTga a’zo bo‘lish – O‘zbekiston oldidagi eng ustuvor maqsadlardan biri

Shavkat Mirziyoyev: JSTga a’zo bo‘lish – O‘zbekiston oldidagi eng ustuvor maqsadlardan biri

Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish – O‘zbekiston uchun eng zarur va ustuvor maqsadlardan biri sanaladi, deb ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev «Nikkei Asian Review» nashriga bergan intervyusida.

Davlat rahbari 2017 yildan O‘zbekistonda kompleks islohotlar boshlangani, 2019 yilga kelib xorijiy investitsiyalar hajmi bir yil oldingidan 3 barobarga ortib, 7 mlrd dollarni tashkil etishi kutilayotganini qayd etib o‘tgan.

Intervyu Shavkat Mirziyoyevning 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan oldin olingan bo‘lib, unda O‘zbekiston prezidenti Yaponiya bilan hamkorlikda 6 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytib o‘tgan. Bular orasida, jumladan, Navoiy viloyatidagi yangi IES qurilishi loyihasi ham bor.

Bundan tashqari, Mirziyoyev O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari qishloq xo‘jaligi, neft-gaz, neft-kimyo va turizm sohalarida ham rivojlanib borayotganiga e’tibor qaratib, mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni mustahkamlash istagida ekanini bildirgan.

Nikkei'ning yozishicha, prezident mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ham ta’kidlagan. Shuningdek, davlat rahbari 22 dekabrdagi saylovlar O‘zbekistonning taraqqiy etgan demokratik mamlakatlar sirasiga kirish yo‘lidagi dastlabki qadami bo‘lishini qayd etgan.

Tashqi siyosat borasida esa Shavkat Mirziyoyev ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar rivojiga urg‘u berib, Rossiya, AQSh, Xitoy va boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga chiqarish niyatini bildirgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar