Sherzod Kudbiyev davlat soliq xizmatining formatini yangilashga kirishdi

Sherzod Kudbiyev davlat soliq xizmatining formatini yangilashga kirishdi

O‘zbekiston soliq organlari tizimi tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish boshlanmoqda. Maqsad – soliq to‘lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, shu bilan tizimning servisga yo‘naltirilganlik darajasini oshirish va soliq to‘lovchilarning o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qulay tarzda bajarishini ta’minlashga erishish. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Endilikda umumbelgilangan soliqlar to‘lovchilari hisoblanadigan barcha QQS to‘lovchilarining soliq ma’muriyatchiligi bosqichma-bochqich yangi darajaga o‘tadi.

Xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi birinchi bosqichda Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida joriy etiladi. Unga ko‘ra, 1 iyundan boshlab umumbelgilangan soliq to‘lovchilariga avvalgidek tuman inspeksiyalarida emas, balki viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida xizmat ko‘rsatiladi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab mazkur uchta hududda soliq to‘lovchilarning ushbu toifasining soliq ma’muriyatchiligi to‘liq Toshkent shahar va viloyat DSBlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tajriba va takliflar

Ishni samarali tashkil etish maqsadida soliq xizmati tizimini optimallashtirish va tarkibiy tuzilmalari tarmog‘ini takomillashtirish Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari o‘z tavsiyalarida ko‘rsatib o‘tdi.

Bundan tashqari, DSQ huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasini tashkil etish tajribasi soliq to‘lovchilarning ma’lum toifalariga nisbatan soliq ma’muriyatchiligi manzilli tartibda alohida tuzilmalar tomonidan yuritilishining maqsadga muvofiqligini isbotladi.

Shu munosabat bilan hududiy DSBlar tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish ishlari boshlandi:

  • QQSni rasmiylashtirish va qaytarish bilan shug‘ullanadigan maxsus bo‘limlar tashkil etilmoqda. Mazkur DSBlarda umumbelgilangan soliqlar bo‘yicha ma’lumotlarni jamlash uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga odatiy tartibda va masofadan turib xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Bu nima beradi?

Yangi mexanizm xizmat ko‘rsatish sifati va tezligini oshirishga yordam beradi, soliq to‘lovchilarning soliq organlariga birinchi murojaatida yechimini topmagan muammosi bo‘yicha yuqori organga murojaat qilish holatlari bir necha barobar kamayadi.

Ish manzilli ravishda, vazifalarni aniq taqsimlash va har bir masalani batafsil o‘rganish asosida tashkil etiladi. Sifatli servis xizmati soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda bajarishga imkon beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, soliq to‘lovchi soliq organiga murojaat qilishdan har doim mamnun va barcha masalalar bo‘yicha batafsil maslahatlar olishlari uchun to‘liq sharoitlar yaratiladi.

Tarkibiy tuzilmani qayta tashkil etish tadbirkorlik sub’yektlaridan hech qanday qo‘shimcha harakatlar talab qilmaydi. O‘tkazish soliq xizmati xodimlari tomonidan ularning ishtirokisiz amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun. Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasida 96 130 ta sub’yekt QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu tartib birinchi bosqichda Toshkent shahri, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi va 29 170 ta QQS to‘lovchisini qamrab oladi (jami uchta hudud bo‘yicha). Keyinchalik, boshqa hududlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi, 1 oktyabrdan boshlab esa ushbu mexanizm butun respublika bo‘ylab amalga oshiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar