“The Boston Consulting Group” kompaniyasi strategik konsalting sohasida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlik qiladi

“The Boston Consulting Group” kompaniyasi strategik konsalting sohasida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlik qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev strategik konsalting sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan “The Boston Consulting Group” rahbarlari, jumladan Boshqaruv direktori, Markaziy Osiyo va Kaspiy hududlaridagi BCG rahbari Nuriyev Rza va Boshqaruv direktori Vladimir Rogov bilan uchrashdi.

Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar qildi.

Uchrashuv doirasida xorijiy tomon neft va gaz sohasida amalga oshirilayotgan transformatsiya islohotlari hamda buning natijasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan erishilgan yutuqlar, rejalashtirilgan ishlar hamda hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJda bugungi kunda transformatsiya sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, tizimga jahon standartlarini joriy etish bo‘yicha 3 yillik reja ishlab chiqildi.

Boshqaruv raisi tomonidan, burg‘ilash va quduqlarni mukammal ta’mirlashning operatsion samaradorligini oshirish yo‘lida ham qator muvaffaqiyatlarga erishilgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, “The Boston Consulting Group” kompaniyasi mutasaddilari strategik konsalting sohasida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.

Dunyoning barcha mintaqalarida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham sanoatning asosiy tarmoqlari yetakchilari uchun bunday loyihalarni amalga oshirishda maslahatchilarning katta tajribasi qayd etildi.

Uchrashuv yakunidan tomonlar maslahatchilarning “O‘zbekneftgaz” AJni qisqa va uzoq muddatli rivojlantirishga oid fikrlari va takliflarini batafsil o‘rganib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Ma’lumot uchun, “The Boston Consulting Group” birinchi strategik maslahatchi hisoblanadi. Bugungi kunda BCG ko‘plab biznes rahbarlari va notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Kompaniyaning asosiy vazifasi – biznesni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha maslahat berish: yangi strategiyalarni ishlab chiqish, ish samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalar va konsepsiyalarni o‘zlashtirish.

Kompaniya “McKinsey & Company” va “Bain & Company” bilan bir qatorda “boshqaruv konsaltingining katta uchligiga” kiradi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar