Hukumat qarori (294-son, 10.05.2021 y.) bilan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yosh tadbirkorlik sub’yekti 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan hamda yuridik shaxs maqomida yoki ta’sischilari sifatida sanoat yoki xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida investitsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Yoshlar sanoat zonalari faqat muhandislik-texnik kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan yoki o‘tkazish oson bo‘lgan, faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarida tashkil etiladi.
Yoshlar sanoat zonalarida o‘z investitsiya loyihalarini joylashtirish istagida bo‘lgan yosh tadbirkorliklar tegishli hujjatlarni tuman (shahar) investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limlariga taqdim etadi.
Investitsiya loyihalarini joylashtirish to‘g‘risida ishchi guruh qarori hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida qabul qilinadi hamda bu haqda ijobiy yoki rad etish to‘g‘risida xulosa berilishi shart.
Quyidagi talablarga javob beradigan investitsiya loyihalari Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirishda ustuvorlikka ega bo‘ladi:
● patent asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta’minlovchi startap - investitsiya loyihalari;
● innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari;
● import o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalari;
● yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lishi, bunda bandligi ta’minlanmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalari.
Investitsiya loyihasini joylashtirish uchun yer maydonlari chegaralarini belgilab berish Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining tegishli tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ishchi guruhlarning xulosalari asosida 5 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish