Bakalavrni uch davlatda o‘qigan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi (+video)

Bakalavrni uch davlatda o‘qigan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi (+video)
Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Tahsinabonu Muftohiddinova Toshkent moliya institutiga o‘qishga qabul qilingan.

Institutda a’lo baholarda o‘qigan talabalar xorijiy OTMlarning almashinuv dasturlarida qatnashishi mumkinligidan xabar topgan Tahsina o‘z ustida yana ham ko‘proq ishlay boshlaydi. Endi faqat aniq fanlarni emas, balki gumanitar fanlarni ham ko‘proq o‘qidi.

U birinchi kursligida «The Young Leaders Development Project» – yosh liderlarni rivojlantirishga oid dasturda marosimlar menejeri sifatida qabul qilinadi. 6 oy shu dasturda malakasini oshiradi.

Aynan shu Tahsinani birinchi kursda Erasmus+ dasturi doirasida grant yutish uchun katta yordam beradi. Shu tariqa qahramonimiz ikkinchi kursning birinchi semestrini o‘qish uchun Polshaning Krakov iqtisodiyot universitetiga yo‘l oladi.

Tahsina Polshadan qaytgach, volontyorlik dasturlarida qatnashishni davom ettiradi. O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisida volontyorlik dasturiga qabul qilinib, bu yerda Koreyaning SolBridge xalqaro oliy biznes maktabi granti haqida eshitadi.

Va SolBridge xalqaro oliy biznes maktabiga hujjat topshirib, muvaffaqiyatli qabul qilinadi.

Tahsinaning aytishicha, bunday almashinuv dasturlari milliy OTM talabalariga bir paytning o‘zida ham o‘zlarining institutlarida, ham Yevropa, Amerika yoki Osiyoning rivojlangan mamlakatlarida o‘qish imkoniyatini beradi.

«O‘z tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, bunday dasturlarga tanlab olish jarayoni shaffof bo‘ladi. Balki qandaydir tanish-bilishchilik bo‘ladi, deb o‘ylashar. Ishoning, yozilgan barcha talablarga javob bersangiz, tanlab olinasiz», deydi Tahsinabonu.

Tahsinabonu bular bilan cheklanmadi, u Islom Karimov nomidagi milliy stipendiyani olishga ham harakat qilib ko‘rdi va bu vazifani ham uddaladi. Hozir Moliya instituti magistraturasiga imtiyoz asosida qabul qilingan.

«O‘qishda o‘zimdan qoniqmas edim. Yana nimadir qilishim kerak edi, shu sabab Shotlandiyaning Dandi universiteti moliya va risklarni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga ham hujjat topshirib ko‘rdim va kontrakt asosida qabul qilindim. Ammo kontrakt, yashash xarajatlari biroz baland edi. Xarajatlarni qoplash uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasi grantiga harakat qildim. Birinchi urinish o‘xshamadi, ammo ikkinchi urinishda jamg‘arma menga o‘qish uchun grant ajratadigan bo‘ldi», deydi Tahsinabonu.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar