Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi uzilishlarni mamlakatda energoresurslarga bo‘lgan mavsumiy talab bilan bir vaqtda ularni yetkazib berish hajmining o‘sishi hamda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator omillar bilan izohlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, kuz-qish mavsumida mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 3 barobarga, tabiiy gazga bo‘lgan talab esa 4 barobarga ortadi.
Xususan, joriy yilgi kuz-qish mavsumida iste’molchilarga o‘tgan mavsumga nisbatan 12,5 foizga ko‘p elektr energiyasi yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2021 yil oktyabr-dekabr va 2022 yil yanvar-mart oralig‘ida iste’molchilarga yetkazib berilishi mo‘ljallangan tabiiy gaz hajmi o‘tgan mavsumga nisbatan 1,61 mlrd kub metrga ko‘p ekanligi aytib o‘tilgan.
Shuningdek, isitish mavsumi oldidan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlariga qaramay, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan qator omillar ta’sirida elektr energiyasining uzilishlari bilan bog‘liq alohida holatlar qayd etilmoqda.
Birinchidan, 4−5 noyabr kunlari kuzatilgan kuchli shamol va chang bo‘roni oqibatda ikkita yirik elektr stansiyasi — Toshkent va Sirdaryo elektr stansiyalaridagi jihozlarni qalin chang qoplagan.
Mazkur IYeSlarni chang qoplamidan tozalash uchun zarur ishlar amalga oshirish vaqtida, xavfsizlik qoidalariga muvofiq, stansiyalar elektr uzatish tarmog‘idan uzib qo‘yilganligi natijasida ayrim hududlarda elektr energiyasi uzilib qolgan.
Ikkinchidan, joriy yilda respublikada suv resurslari tanqisligi tufayli GESlarda yil oxiriga qadar belgilangan rejadan 1,5 mlrd kVt/soatga yoki qariyb 23 foizga kam elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun, 1,5 mlrd kVt/soat hajmdagi elektr energiyasi respublika iste’molchilarining bir oylik uzluksiz ta’minoti uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, ishlab chiqarish va taklif qanchalik oshirilmasin, bu resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanilmasligi tarmoqdagi uzilishlarga olib keladi.
To‘rtinchidan, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari ham tizim faoliyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, o‘tgan 9 oy davomida mamlakat miqyosida elektr energiyasidan foydalanishda 706 ta, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish bilan bog‘liq 2535 ta holat qayd etilgan.
Izoh qoldirish