Joriy yilda suv tanqisligi tufayli mamlakatimiz gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 23 foizga kamaydi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati. Bu esa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
GESlarda suv hajmining kamligi sababli elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari kamayishi kuzatilmoqda va buning natijasida ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. Bu gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishning qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ehtiyojni to‘liq qoplash uchun zarur miqdorda elektr energiyasi yetishmasligiga olib keldi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2019 yilda gidroelektr stansiyalarda ishlab chiqarish 6,5 mlrd kVt/soatni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi ko‘rsatkich kabi 5 mlrd kVt/soatni yoki 1,5 mlrd kVt/soatga kam (23 foiz)ni tashkil etmoqda.
Mazkur 1,2 mlrd kVt/soat elektr energiya bilan respublika aholi iste’molchilarini bir oy mobaynida uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin.
Vazirlik joriy yilda suv omborlarida belgilangan suv zaxiralari to‘planmagani nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikalarda ham kuzatilayotganini qayd etib o‘tdi.
«Shunga qaramasdan, mamlakatimizda mavjud barcha imkoniyatlardan foydalangan holda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’molining o‘sishi 110 mlrd kVt/soatga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda O‘zbekiston aholi va sanoatning, ayniqsa, qishda yuklanishning eng yuqori cho‘qqisiga to‘g‘ri keladigan ehtiyojlarini qondirish uchun Markaziy Osiyoning qo‘shni davlatlaridan elektr energiyasi importini qayta yo‘lga qo‘ydi.
Izoh qoldirish