Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim mohiyati

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim mohiyati

Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki. Mahallalar ravnaqi mamlakatimiz taraqqiyoti, yorug‘ kelajagimizning mustahkam kafolati, poydevoridir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari raisligida shu yil 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahalla institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qiyofasini tubdan yaxshilashga qaratilgan ko‘plab yangi tashabbuslar ilgari surilib, aniq vazifalar belgilab berilgani nafaqat mahallalar, balki yurtimiz hayotiga daxldor tarixiy voqea bo‘ldi. Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, hech bir istisnosiz, har bir yurtdoshimiz hayotida markaziy o‘rin tutadigan mazkur muhim sohalar taraqqiyotida butunlay yangi davrni boshlab bermoqda.

Mahallalar bilan yangicha asosda ishlash, jamiyatimiz fayzi bo‘lgan nuroniy va keksalarimizga munosib e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha bunday yondashuv ko‘zlangan natijani berishi, “inson qadri uchun” g‘oyasini to‘la ro‘yobga chiqarishi shubhasiz. Nega deganda, qabul qilingan yangi dasturiy hujjatlarda hammasi aniq-ravshan belgilab berilgan, amaliy mexanizmlar puxta o‘ylangan.

Endilikda mahalla institutiga zimmasiga yuklanayotgan biri-biridan muhim vazifalarga mos ravishda keng huquq va vakolatlar, zarur moddiy-texnik imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Mahallalar hayotning, o‘zgarish va islohotlarning eng qaynoq nuqtasiga aylanmoqda. Aholi muammolarini kompleks hal etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, jinoyatchilikni kamaytirish, yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berish kabi ko‘plab soha va yo‘nalishlar rivojiga eng quyi bo‘g‘indan boshlab jiddiy e’tibor qaratiladi.

Bu borada mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga muhim vakolatlar ham berilganki, bu shubhasiz, ularning xalqimiz, jamoatchiligimiz o‘rtasidagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladi. Deylik, mahalla raisi hududdagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini o‘zaro hamkorlikda, uyg‘un holda tashkil etish uchun mas’ul etib belgilangani bir musht bo‘lib, aniq maqsad sari birgalikda harakat qilish, ko‘proq amaliy natijalarga erishish imkonini beradi.

Ishni eng quyi bo‘g‘inda yo‘lga qo‘yish, respublika, viloyat darajasidagi rahbar va faollarning avvalambor olis mahallalarda bo‘lishi yaxshi samara berishi – bu keyingi besh yillik hayotimizda takror va takror o‘z isbotini topgan haqiqat aslida. Buni Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi mahallalarda kechgan jarayonlar misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Bugun har bir soha, har bir jabhada tashabbus ko‘rsatish mahalla raislaridan davrning o‘zi talab etayotgan mezon. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Prezidentimiz tomonidan imzolangan hujjatga muvofiq, mahalla raislari yangicha yondashuv, yangicha tizim asosida ish boshlamoqda. Mahalla raislari yangi vakolatlar asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. O‘z-o‘zidan ravshanki, huquq va vakolat bilan birga aholi, jamoatchilik oldida burch va majburiyat ham paydo bo‘lmoqda.

Mana masalan, tumanning chekka hududida chorvachilik klasteri ish boshladi. Yangi korxonaga ishchilar zarur. Mahalla mas’ullari ishsiz yoshlar ro‘yxatini tuzib, korxonaga ishga joylashtirishdi. Ulardan ayrimlari bu sohada yetarli bilim va malakaga ega bo‘lgan bo‘lsa, ayrimlarini kurslarda qo‘shimcha o‘qishi tashkil etildi. Hududda sanoatni rivojlantirish, aholiga sifatli va maqbul narxlarda go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan majmuada zamonaviy ferma, kushxona va go‘shtni qayta ishlash korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chinoz – boy dehqonchilik an’analariga ega tuman. Yer tilini biladigan mirishkorlar ko‘p. Ammo hayot bir joyda to‘xtab turmaydi, izlanish, intilish har kuni kerak. Shu bois mahalla raisi bosh bo‘lib, tomorqalardan foydalanishni yangi, yuqori bosqichga olib chiqish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi loyihalarini hayotga tatbiq etishda aholiga eng yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda. Bugungi kunga kelib mahallalardagi kshplab xonadonlarda issiqxonalar mavjud. Yetishtirilgan mahsulotga xaridor topish, xo‘jaliklarni kengaytirish, imtiyozli kredit olish singari ko‘plab yo‘nalishlarda yordam berilmoqda. Shu asosda ilgari ishsiz bo‘lgan aholi bandligi ta’minlanayapti.

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasiga binoan Prezident Xalq qabulxonalari ham faoliyatini mahallalar kesimida tashkil etib, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan uzviy hamkorlikda ish olib borayotgani mahallalarga katta madad bo‘lishi bilan birga, aholi muammolari va murojaatlari bilan ishlash sifatini oshiradi. Muammolarni har bir hudud xususiyatidan kelib chiqib, tizimli tahlil qilish hamda ularni hal etish uchun resurslarni aniq yo‘naltirish imkonini beradi.

Yana yoshlar mavzusiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning bo‘sh vaqti mazmunli, foydali va albatta qiziqarli o‘tishi uchun avvalambor mahallada sharoit yaratish kerak. Mazkur dolzarb vazifa mahallalardagi yoshlar yetakchilariga ishonib topshirilgan. Chinoz mahallalarida bu borada aniq reja asosida ish olib borilmoqda. Rang-barang ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmali chiqishlar, xalq o‘yinlari, ijodiy bellashuvlar, ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilayotgani o‘sib kelayotgan yoshlar uchun har tomonlama foydalidir.

Mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois Prezidentimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra bu jiddiy masalaga ustuvor vazifa sifatida e’tibor beriladi. Aholini yosh toifalaridan kelib chiqib, muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yuqori texnologik tibbiy yordamni imkon qadar mahallalar darajasigacha tushirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan. Mahallada yangi ish boshlagan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu zamonaviy shifoxona ilk ish kunida nuroniy va keksalarni qabul qilib, ularga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Bu yurtimizda insonga, keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi.

Mahalla ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va an’analarini o‘zida mujassam etgan, jahon ahli havas qiladigan ezgu qadriyatlarimiz ko‘zgusidir. Bugungi kunda bu noyob tuzilmaga yangicha ma’no-mazmun baxsh etilayotgani inson qadrini ulug‘lash, odamlarni hayotdan rozi qilish, ertangi kunga ishonch bilan harakat qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar