Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, oxirgi 3 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi.
Kambag‘allik darajasi sezilarli ravishda kamaydi
Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda. Natijada o‘tgan yili 1 million nafar, 2023 yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
“Uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olindi.
Tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak beriladi
Har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘lmoqda. Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas.
Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani. Prezident joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qo‘llab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada ko‘payishini ta’kidladi.
Har yili kasb-hunarga o‘qitishga 200 milliard so‘m ajratilayotgani, ammo bu mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bog‘lanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, o‘zi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin bunda davlat qo‘llab-quvvatlovi kerak.
Prezident aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag‘batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.
Bu mablag‘lar hisobidan:
- kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi;
- tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan:
- kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida yengilliklar oladi. Xususan:
- ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
- barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
- bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.
Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi:
- yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
- qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Vazirliklar zimmasiga 550 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi
Soliq va bojxona imtiyozlari to‘liq berilishini, arzon kreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari ko‘rib boriladi. Davlatimiz rahbari ushbu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Vazirlar Mahkamasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga joylarga chiqib, tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni o‘rganish va ularga ko‘maklashish topshirildi. Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Kambag‘allikni kamaytirishda Xitoy tajribasini qo‘llash
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini o‘rganish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Ma’lumki, shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar mamlakatimizga olib kelindi, O‘zbekiston delegatsiyalari Xitoyga borib keldi. Natijada 18 ta yo‘nalishda manzilli loyihalar tayyorlandi.
Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.
Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini o‘qitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot o‘tashga yuborish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish davomida soha va hududlar mutasaddilarining yangi tizim asosidagi ishlarni qanday tashkil etishi yuzasidan axboroti tinglandi.
Izoh qoldirish