Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tugatildi

Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tugatildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4938-son qarorining 16-bandiga asosan 2021 yil 1 yanvardan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tugatildi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qarorga asosan, Jamg‘arma hisobidan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagan qismi hamda jamg‘armaning joriy yil oxiriga qoldiq mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5969-son Farmoniga asosan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgan edi.

Jamg‘arma daromadlari sifatida 13 400 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘lar quyidagi manbalar hisobidan shakllantirildi. Jumladan:

1 678 mlrd.so‘m davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga, 11 722 mlrd.so‘m xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga.

Jamg‘arma hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumati va Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi topshiriqlariga asosan, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlikni va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash tadbirlariga jami 13 040 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratildi hamda 2020 yilning 31 dekabr kuni oxiriga 12 827 mlrd.so‘mi o‘zlashtirildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar